13/04/2022
Old o‘rindiqdagi yo‘lovchi kamar taqmasa, buning uchun kim jarimaga tortiladi – yo‘lovchimi yoki haydovchi?
Piyodalar va yo‘lovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 138-moddasi bilan tartibga solingan. Lekin bu moddadagi qoidalarning aksariyati piyodalarga taalluqli (qizil chiroqdan o‘tish va hokazo).
Yo‘lovchilarga oid qismi esa bitta: ular harakat vaqtida tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) mashina salonidan tashqariga chiqarishsa, 1 BHM (270 ming so‘m) jarimaga tortiladi.
❗️Kodeksda yo‘lovchilarning javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladigan bundan boshqa holat ko‘rsatilmagan.
Kodeksning 125-moddasiga binoan, haydovchilarning “xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi” 0,5 BHM (145 ming so‘m) jarimaga sabab bo‘ladi.
Yo‘l harakati qoidalarining 11-bandiga binoan esa, haydovchi harakatni boshlashdan oldin yo‘lovchilarni kamar taqish haqida ogohlantirishi shart.
☝️Biroq, haydovchi harakatni boshlashdan oldin, old o‘rindiqdagi yo‘lovchini kamar taqish haqida ogohlantirgan bo‘lsa va yo‘lovchi kamarni taqmasa, YPX xodimi kimga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirishi qonunchilikda aniq yoritilmagan.
“Agar old o‘rindiqdagi yo‘lovchi kamarni taqmagan bo‘lsa, haydovchi harakatni boshlamasligi kerak; harakat davomida old o‘rindagi yo‘lovchi kamarni yechsa, haydovchi transportni to‘xtatishi kerak”, degan mazmundagi qoida qonunchilikda yo‘q.
✅ Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, 1-maydan keyin kim jarimaga tortilishidan qat’i nazar, ikkala tomon ham (haydovchi va yo‘lovchi) sudga murojaat qilish uchun asoslarga ega bo‘ladi.