05/12/2023
SHAHAR HOKIMI GAVHAR ALIMOVANING SUV RESURSLARIDAN
OQILONA FOYDALANISH BOʻYICHA KATTAQOʻRGʻON SHAHRI
AHOLISIGA MUROJAATI
Aziz kattaqoʻrgʻonliklar, hurmatli hamshaharlar!
Soʻnggi yillarda butun dunyo jamoatchiligini ichimlik suvi bilan bogʻliq vaziyat xavotirga solib kelmoqda. Iqlimning isib ketishi va suv resurslaridan nooqilona foydalanish ichimlik suvi inqiroziga sabab boʻlishi mumkin. Bu esa millionlab kishining hayotini xavf ostiga qoʻyibgina qolmay, balki xavfli ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Mamlakatimizda qurgʻoqchilikning davomiyligi oxirgi 20 yilda 29 foizga oshgan.
Suvsizlik koʻplab davlatlar uchun asosiy muammoga aylanadi. Hozirda 2 milliarddan ortiq inson suv tanqis boʻlgan mamlakatlarda yashaydi va ular ichimlik suvi va kanalizatsiya yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda.
Har qanday koʻrish imkoniyatiga ega boʻlgan insonga ma'lumki, shahrimizda toza ichimlik suvidan foydalanish masalasiga ayanchli ahvolda. Qayerga bormang, nosoz vodoprovod jo’mragidan oqib yotgan yoki yorilgan trubadan siriqib chiqayotgan zilol suvni koʻramiz. Ayniqsa, avtomobillarni yuvishda ichimlik suvidan foydalanish, hovli joylar va koʻchalarni salqinlashtirish maqsadida, shuningdek, tomorqani sugʻorishda ham oʻylamay-netmay koʻpgina hamshaharlarimiz toza chimlik suvdan foydalanmoqdalar.
“Oldingdan oqqan suvning qadri yoʻq”, - deb ota-bobolarimiz bekorga aytishmagan. Suvga e'tibor, undan tejab foydalanish borasida hali koʻp ishlar qilishimiz kerak. Biroq, suv yildan yilga tanqis ne'mat boʻlib borayotganini hamma sezib, koʻrib, bilib turibdi. Demakki, undan oqilona foydalanishgina kelgusida suvning tanqisligining oldini oladi.
Suvga ehtiyoj kuchaygani sari, uning narxi ham oshmoqda. Suv ne'matining inson hayotidagi ahamiyati yuqori ekanligini barchamiz juda yaxshi bilamiz. Suvning isrofi haqida Islom dinida alohida taqiqlar mavjudki, bugungi k***a kelib chiqayotgan suv taqchilligi ham ushbu koʻrsatmalarga amal qilmaslikning oqibati hisoblanadi.
Paygʻambarimiz (s.a.v.) suvni isrof qilmaslik haqida alohida hadis aytganlar. Imom Ahmad Abdulloh ibn Umar (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (s.a.v) tahorat qilayotgan Sa'dning yonidan oʻtayotib: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa'd?” dedilar. “Tahoratda ham isrof boʻladimi?”, - dedi u. “Ha hatto oqib turgan daryoda boʻlsang ham”, - dedilar u zot”. Ushbu hadisning mazmunida biz yuqorida keltirgan suvning isrofi va uvolidan ogohlantirish ketmoqda.
Hurmatli hamshaharlar, viloyatimiz hokimi Erkinjon Turdimovning “Suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha klasterlar, fermer va dehqon xoʻjaliklari, tomorqa yer egalariga qilgan murojaati”da “Bugundan boshlab, “Suv tekin emas” degan gʻoyani ilgari surib, suvni tejash boʻyicha harakat va choralarni har birimiz, avvalo, oʻz turmush tarzimiz misolida boshlashimiz darkor. Suvdan foydalanishda eskicha yondashuvlardan butunlay voz kechib, bu ne'matning qadr-qimmatini aholi ongiga, ayniqsa, yoshlarga chuqur singdirishimiz, suvning har bir tomchisini asrashimiz bosh maqsadimiz boʻlishi shart va zarur” degan aqidaga qat'iy amal qilaylik!
Ishonamanki, biz kattaqoʻrgʻonliklar hurmatli Prezidentimiz tomonidan oldimizga qoʻyilgan topshiriq va vazifalarni birgalikda sidqidildan bajaramiz. Aziz ne'matni asrab-avaylashga, uni qadrlashga munosib hissa qoʻshamiz.
E'tiboringiz uchun rahmat!!!