01/10/2026
O‘zbekistonda Rossiyaga ishga ketuvchilar uchun maxsus markaz tashkil etilishi mumkin
Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan fuqarolar uchun O‘zbekistonda barcha zarur jarayonlarni bir joyda amalga oshirish imkonini beruvchi kompleks markaz tashkil etish taklif qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Bu masala Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov va Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov uchrashuvida muhokama qilingan.
Markazda fuqarolar safardan oldin test va tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, biometrik ma’lumotlari va barmoq izlarini topshirishi, hujjatlarini tekshirtirishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Rossiyada ishlashni istagan fuqarolar qaysi korxonada va qanday sharoitda ishlashini oldindan bilishi, zarur hujjatlarni O‘zbekistonda rasmiylashtirishi hamda aniq ish beruvchi buyurtmasi asosida qonuniy ravishda ishga borishi ko‘zda tutilmoqda.
Rossiyada ishlash uchun zarur rus tili imtihonlarini Toshkentga kelmasdan topshirish imkoniyatini kengaytirish masalasi ham muhokama qilingan. Buning uchun 4 ta hududda zarur infratuzilma tayyorlangan.