06/10/2025
O'zbekiston delegatsiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlatlararo kengash yig‘ilishida ishtirok etdi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Armanistonning Yerevan shahrida bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlatlararo kengashning 10-majlisida ishtirok etdi.
Mazkur yig’ilish O’zbekistonning tashkilotning to’laqonli a’zosi sifatidagi ilk ishtirokidir.
Tashrifdan asosiy maqsad — Davlatlararo kengash faoliyati doirasida mintaqada korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi dolzarb muammolar, tashabbuslar va strategik yo‘nalishlarni muhokama qilish hamda amaliy hamkorlikni kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Kengash yig‘ilishi doirasida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatda amalga oshirilayotgan aksilkorrupsiya islohotlari, milliy va mintaqaviy tashabbuslar hamda xalqaro hamkorlik samaradorligini qayd etib, Kengash faoliyatida faol ishtirok etish, orttirilgan tajriba bilan o‘rtoqlashish va yangi qo‘shma tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Kengash majlisida virtual valyutalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, korrupsiya uchun yuridik shaxslarning javobgarligi, korrupsiyadan xoli biznes muhitini yaratish kabi bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Agentlik delegatsiyasi bir qator xorijiy vakolatli organlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Jumladan, Armaniston Bosh prokurori Anna Vardapetyan bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda ikki davlat o'rtasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishga kelishib olindi.
Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Belarus Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasida hamkorlik hujjati imzolandi.