06/10/2022
Zubayr ibn Avvom رَضِيَ اللهُ عَنْهُ
Mashhur sahobalardan Zubayr ibn Avvom ibn Huvaylid Asadiy Qurayshiy (roziyallohu anhu)ning nasabi Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nasablari bilan Kilobda tutashadi. U Xadicha onamiz (roziyallohu anhu) singari Bani Asad urug‘idan. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) ammalari Sofiya binti Abdulmuttalib (roziyallohu anho)ning o‘g‘li bo‘lgan.
Ibn Sa’d (rahmatullohi alayh) “Tobaqotul Kubro” asarida Sofiya binti Abdulmuttolib (roziyallohu anho) o‘g‘li Zubayrga qattiqqo‘llik bilan tarbiya berayotganini ko‘rib odamlar: “Axir uni juda qiynab yubording”, deganlarida: “Men uni pishisin, qat’iyatli bo‘lsin deyman”, deb aytganini keltirgan.
Yillar o‘tib, onaning orzusi ushaldi. Zubayr ibn Avvom (roziyallohu anhu) baland bo‘yli, o‘ta chidamli bo‘lib voyaga yetdi. Unda vafodorlik, birso‘zlik, saxiylik kabi fazilatlar mujassam edi. Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning qo‘lidan tutib: “Har bir payg‘ambarning xos yordamchisi bo‘lgan, mening xos yordamchim Zubayr ibn Avvomdir” deb marhamat qildilar (Imom Hokim).